Новости компании  UZ

“Orient Group” kompaniyasi “O‘zbekistonlik” filmining yaratilishini qo‘llab-quvvatladi

“Orient Group” kompaniyasi ikkinchi “O‘zbekistonlik” filmiga homiylik qildi. Ushbu film Elon Mask raketalarida sun’iy yo‘ldoshlarni uchiruvchi ExoLaunch kompaniyasining asoschisi, o‘zbekistonlik Dmitriy Bogdanov va Tesla kompaniyasi tahlilchisi Mushtariy Sharifovaga bag‘ishlangan.
Premyera namoyishi 1 oktabr kuni O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida “O‘zbekistonlik” xalqaro forumida bo‘lib o‘tdi. Ikki yuzga yaqin muvaffaqiyatli yurtdoshlarimiz, yevropalik diplomatlar, ishbilarmonlar, Yevropa ijodiy industriyasi vakillari filmning birinchi tomoshabinlariga aylanishdi.


“Ikkinchi “Oʻzbekistonlik” filmiga asos boʻlgan taniqli oʻzbekistonliklarning hikoyalari har bir ishning, har bir insonning yoʻlida past-balandlik borligiga yorqin misoldir. Lekin bu insonlarni bir narsa birlashtiradi - oʻz ishiga ishonish va sharoitlarga qaramay muqarrar muvaffaqiyatga erishish. Kompaniyamiz aynan inson kapitalini rivojlantirish orqali mamlakatning e’tirofi va nufuzini oshirishga intiladi. Mamlakat xalq, xalq esa eng oliy qadriyatdir. “O‘zbekistonlik”ning mazmun-mohiyati mana shu va shuning uchun “Orient” kompaniyasi ushbu loyihani chin dildan qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi tadbir haqida “Orient Group” bosh direktori Andrey Safronyuk.

Film qahramonlaridan biri toshkentlik Dmitriy Bogdanov 19 yoshida Berlinga ko‘chib o‘tgan va u yerda koinotga kichik sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha ko‘p millionli aylanmaga ega “ExoLaunch” kompaniyasini tashkillashtirgan. O‘zining butun faoliyati davomida ExoLaunch koinotga 231 ta sun’iy yo‘ldoshni yubordi, ular orbitaga turli xil yuklarni yetkazib berish uchun o‘zining orbital stullaridan foydalangan. Dmitriy Bogdanov o‘zining asosiy orzusi Mars va Oyni mustamlaka qilish loyihalarida ishtirok etish va o‘z kompaniyasi tomonidan kosmosda DHL obro‘sini qozonish deb ataydi.    

Filmning yana bir qahramoni Mushtariy Sharifova Navoiylik. U 2015-yilda Germaniyadagi Yevropa amaliy fanlar universitetida biznes va menejment yo‘nalishida o‘qishni davom ettirish uchun O‘zbekistonni tark etgan. Uning eng katta maqsadi dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri Teslada ishlash edi. Buning uchun Mushtariy uzluksiz o‘z ustida ishlagan – o‘qishni davom ettirgan, shu bilan birga Adidas, Zalando va SAP’da noyob xalqaro tajribaga ega bo‘lgan. Bu sa’y-harakatlar besamar ketmadi – bugungi kunda hamyurtimiz Tesla’da tahlilchi bo‘lib faoliyat yuritadi, xalqaro moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiradi, kompaniyaning yillik byudjetini hisoblab chiqadi.

2022-yil oxirigacha jahon poytaxtlaridan birida navbatdagi “O‘zbekistonlik” forumi bo‘lib o‘tadi va u yerda filmning uchinchi qismi taqdim etiladi. Ikkinchi seriyani My5 telekanalida, shuningdek, YouTube’da tomosha qilish mumkin. 
2022-10-05 13:55